Baholash topshiriqlarining turlari, ularni tuzish metodikasi va baholash mezonlari.

Baholash topshiriqlarining turlari, ularni tuzish metodikasi va baholash mezonlari. 

         Rеja:

1.     O‘quvchi faoliyatini baholash.

2.     Bilim, ko‘nikma va malakalarni nazorat qilishga qo‘yilgan talablar.

3.     Nazorat turlari

 Bilimlarni nazorat qilishning vazifalari.

O‘quvchi faoliyatini baholash – bu pedagogik jarayonning muhim elementi, baholash esa, u yoki bu o‘qituvchining vazifasini bajaradigan kuchli pedagogik vositadir. Har qanday baholash faoliyati o‘quvchi yoki o‘qituvchining o‘quv jarayoni davomida ularning o‘zaro ta’siri qanchalik samarali amalga oshirilayotganligi to‘g‘risida ma’lumot olishga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqadi.

Pedagogik harakatning asosiy prinsipi o‘quvchilarning rivojlanishiga hissa qo‘shishdir. O‘quvchining o‘rganishi va rivojlanishi doimo o‘zgarib turadi.

Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi” qarorining qabul qilini­shi ta’lim tizimida o‘qitishga nisbatan tubdan yangicha yondashishni taqozo etmoqda. Ya’ni umumta’lim fanlarini o‘qitishda zamonaviy metodologiyani qo‘llash, ta’lim jarayoniga kompetentlik nuqtayi nazaridan yondashish orqali ta’lim oluvchilarning layoqatlilik darajasini oshirish maqsad qilib olingan.

Qabul qilingan mazkur DTSning e’tiborli tarafi shundaki, o‘quvchilarda o‘z­lashtirilgan bilim, ko‘nikma va malakalarni amaliyotda qo‘llay olish, tayanch va fanga oid kompetensiyalarga ega bo‘lish jihatlarini shakllantirish va rivojlantirish alohida inobatga olingan. Kommunikativ, axborotlar bilan ishlash, o‘zini o‘zi rivojlantirish, ijtimoiy faol fuqarolik, milliy va umummadaniy, matematik savodxonlik, fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo‘lish hamda foydalanish kabi tayanch kompetensiyalarning o‘quvchilarda shakllantirilishi bitiruvchilarning aqlan va ruhan barkamol topishiga, kelajak hayotda dadil va mustahkam qadam tashlashiga zamin hozirlaydi.

Shu davrgacha o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini baholashga e’tibor qaratilgan bo‘lsa, endilikda o‘quvchilarning nafaqat bilimi, balki shakllantirilayotgan kompetensiyalari ham baholanishi nazarda tutilgan.

Amaldagi Nizomlarga ko‘ra o‘quvchilarning bilimini baholash quyidan yuqoriga qarab ijobiy baholash mezoni asosida amalga oshirildi. Ya’ni “5” ballik tizimda har bir ball (“1”, “2”, “3”, “4”, “5”), o‘quvchining har bir imkoniyati e’tiborga olindi. E’tibor beradigan bo‘lsak, har bir ballni belgilashda imkoniyatlar sanab o‘tilgan. Imkoniyat deganda, o‘quv­chining o‘zlashtirishi, darsga tayyorligi, daftar yuritishi, tirishqoqligi, ishtiroki, qo‘shimcha topshiriqlarga nisbatan moyilligi, mavzuga oid ma’lumotlarni tahlil eta oli­shi, mustaqil ish bajarishi va o‘z nuqtayi nazarini himoya qila olishi, dars va darsdan tashqari tadbirlarda namuna ko‘rsatishi kabi harakatlari nazarda tutildi. Ya’ni:

“5” ballik baholash tizimini bugungi kun talabiga muvofiq tarzda yanada takomillashtirish mumkin. Har bir ballni qo‘yish uchun berilgan izohlarda tayanch va fanga oid kompetensiyalarga oid talablar ham singdirib borilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi. O‘qituvchilar uchun o‘quvchining bilimi, ko‘nikma, malakasi va kompetensiyasini baholashda “5” ballik tizimdan foydalanish qulaylik tug‘dirar edi. Ushbu fikrni rivojlantirish maqsadida har bir ballni (“1”, “2”, “3”, “4”, “5”) qo‘yishda o‘quvchining imkoniyatlari tavsifida quyidagi yondashuvni tavsiya etsa bo‘ladi:

“1” ball – 5 ta imkoniyatning 1 tasidan foydalanish nazarda tutiladi.

O‘quvchida shakllantirilishi lozim bo‘lgan fanga oid kompetensiya bo‘yicha: mavzuga oid o‘rganilgan hodisalar, tamoyillar va ularning farqlari, o‘xshashliklarini ajratish­da topshiriqlarni noto‘g‘ri bajarsa-da, javob berishga harakat qilishi e’tiborga olinadi.

O‘quvchida shakllantirilishi lozim bo‘lgan tayanch kompetensiyalar bo‘yicha:

Kommunikativ kompetensiya. O‘z ona tilida muloqotga kirishishi, fikrini og‘zaki bayon qilishda qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘yishi, sodda savollarni tuzishda va javob berishda qiynalishi, o‘zaro muloqotga kirisha olmasligi, hamkorlikda ishlash ko‘nikmasi shakllanmaganligi, o‘z nuqtayi nazarini himoya qilishda va qaror qabul qilishda ikkilanishi, o‘z bilimi va kuchiga ishonmasligi e’tiborga olinadi.

Axborotlar bilan ishlash kompetensiyasi. Mavjud axborot manbalaridan (internet, televizor, radio (audio-video yozuv), telefon, kompyuter, elektron pochta va boshq.) foydalana olmasligi, kundalik faoliyatda uchraydigan sodda hujjatlar bilan ishlay olmasligi e’tiborga olinadi.

O‘zini o‘zi rivojlantirish kompetensiyasi. Jismonan, ma’nan, ruhan o‘z-o‘zini rivoj­lantirishga intilishning yo‘qligi, o‘z xatti-harakatini to‘g‘ri baholay olmasligi, o‘qib-o‘rganganlari asosida kundalik turmushda uchraydigan muammolarni hal etishda o‘zgalarning ko‘magiga tayanishi.

Ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasi. O‘zining fuqarolik burch va huquqlarini bilmasligi. Jamiyatda bo‘layotgan voqea, hodisalar va jarayonlarga e’tibor bermasligi, daxldorlik hissining yo‘qligi e’tiborga olinadi.

Milliy va umummadaniy kompetensiyalar. “Vatan” tushunchasini anglashda, sharhlashda qiynalishi, o‘zaro munosabatda mehr tuyg‘usining tanqisligi, kiyinishda, yurish-turishda madaniy me’yorlarga va sog‘lom turmush tarziga amal qilish darajasida har xillikning kuzatilishi, badiiy va san’at asarlaridan ta’sirlana olishi va nisbatan tu­shunishi, axloq-odob qoidalariga har doim ham birday rioya qilmasligi e’tiborga olinadi.

Matematik savodxonlik, fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo‘lish hamda foydalanish kompetensiyasi. Kundalik ehtiyojlari bilan bog‘liq sodda hisob-kitoblarga asoslangan shaxsiy iqtisodiy rejalarini tuzishga intilishi, fan va texnika yangiliklaridan bexabarligi e’tiborga olinadi.

Qayd etilgan kompetensiyalarga ega bo‘lsa, o‘quvchi berilgan imkoniyatning biridan foydalangan hisoblanadi va u “1” balga ega bo‘ladi.

“2” ball – 5 ta imkoniyatning 2 tasidan foydalanish nazarda tutiladi.

O‘quvchida shakllantirilishi lozim bo‘lgan fanga oid kompetensiya bo‘yicha: o‘rganilgan mavzuga oid ayrim ma’lumotlar, qoida yoki ta’rif, teoremalarni eslab, noto‘g‘ri bo‘lsa-da, asosli javob berishga va javobini isbotlashga harakat qilishi, intilishi, o‘quv fanini o‘zlashtirish uchun daftar yuritishi, qo‘shimcha maslahat va topshiriqlarga nisbatan ijobiy moyilligi, dars va darsdan (maktab va maktabdan) tashqari tadbirlarda qatnashishi e’tiborga olinadi.

O‘quvchida shakllantirilishi lozim bo‘lgan tayanch kompetensiyalar bo‘yicha:

Kommunikativ kompetensiya. O‘z ona tilida muloqotga kirishishi, fikrini og‘zaki va yozma bayon qilishda qiynalishi, sodda savollarni tuza olishi, asosli javob berishda qiynalishi, o‘zaro muloqotga va hamkorlikdagi faoliyatga kirishadi-yu, biroq o‘zini to‘liq ifodalay olmasligi, o‘z nuqtayi nazarini himoya qilishda va qaror qabul qilishda ikkilanishi, o‘z bilimi va kuchiga ishonmasligi, biror xorijiy tilni o‘rganishga intilishi e’tiborga olinadi.

Axborotlar bilan ishlash kompetensiyasi. Mavjud axborot manbalarning (internet, televizor, radio (audio-video yozuv), telefon, kompyuter, elektron pochta va boshq.) ayrimlaridan foydalanishning boshlang‘ich darajasidagi bilimga ega bo‘lishi, kundalik faoliyatda uchraydigan hujjatlar bilan qisman ishlay olishi (oddiy tabriknomalar yoza olishi, anketalarni to‘ldirishi va boshq.) e’tiborga olinadi.

O‘zini o‘zi rivojlantirish kompetensiyasi. Jismonan, ma’nan, ruhan o‘z-o‘zini rivojlantirishga intilishi, biroq o‘z xatti-harakatini to‘g‘ri baholay olmasligi, o‘qib-o‘rganganlari asosida kundalik turmushda uchraydigan muammolarni hal etishda o‘zgalarning ko‘magiga tayanishi, insoniy sifatlarining shakllanishida nuqsonlarning uchrab turishi e’tiborga olinadi.

Ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasi. O‘zining fuqarolik burch va huquqlarini qisman bilishi, unga rioya qilishda xatoliklarga yo‘l qo‘yishi. Jamiyatda bo‘layotgan voqea, hodisalar va jarayonlarga nisbatan e’tiborning yo‘qligi. Fuqarolik munosabatlarda muomala, iqtisodiy va huquqiy madaniyat bo‘yicha ilk tushunchalarga egaligi. “Oila manfaati” tushunchasini idrok etishi, biroq uning uchun qanday xizmat qilish kerakligini to‘liq anglab yetmasligi e’tiborga olinadi.

Milliy va umummadaniy kompetensiyalar. “Vatan” tushunchasini anglashi, sharhlay olishi, o‘zaro munosabatda mehr-oqibatli bo‘lishi, kiyinishi, yurish-turishida madaniy me’yorlarga va sog‘lom turmush tarziga amal qilish darajasida har xillikning kuzatilishi, badiiy va san’at asarlaridan ta’sirlana olishi va nisbatan tushunishi, milliy qadriyatlarni nisbatan bilishi, axloq-odob qoidalariga har doim ham birday rioya qilmasligi e’tiborga olinadi.

Matematik savodxonlik, fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo‘lish hamda foydalanish kompetensiyasi. Kundalik ehtiyojlari bilan bog‘liq sodda hisob-kitoblarga asoslangan shaxsiy iqtisodiy rejalarini tuza bilishi va sodda kichik loyihalarni ishlab chiqa olishi, fan va texnika yangiliklaridan qisman xabardorligi e’tiborga olinadi.

Qayd etilgan kompetensiyalarga ega bo‘lsa, o‘quvchi berilgan imkoniyatning­ ­­­­2 ta­si­dan foydalangan hisoblanadi va u “2” balga ega bo‘ladi.

“3” ball – 5 ta imkoniyatning 3 tasidan foydalanishi nazarda tutiladi.

O‘quvchida shakllantirilishi lozim bo‘lgan fanga oid kompetensiya bo‘yicha: o‘quv materiali bo‘yicha egallanadigan bilim, ko‘nikma va malakalarni qisman o‘zlashtirgan holda asosiy ma’lumotlarni ishonchli ravishda to‘g‘ri bayon eta olsa, tirishqoqligi, o‘quv fanini o‘zlashtirish uchun ishchi daftar yuritishi, uyga vazifalarni bajarishga intilishi, qo‘shimcha maslahat va topshiriqlarga nisbatan ijobiy moyilligi, dars va darsdan (maktab va maktabdan) tashqari tadbirlarda ishtirok etishi e’tiborga olinadi.

O‘quvchida shakllantirilishi lozim bo‘lgan tayanch kompetensiyalar bo‘yicha:

Kommunikativ kompetensiya. O‘z ona tilida muloqotga kirishishi, fikrini og‘zaki va yozma bayon qilishda qo‘pol bo‘lmagan xatoliklarga yo‘l qo‘yishi, sodda savollarni to‘g‘ri qo‘ya olishi va asosli javob berishi, biror xorijiy tilni o‘rganishga intilishi, o‘zaro muloqotga va hamkorlikdagi faoliyatga kirishishi, biroq o‘zini to‘liq ifodalay olmasligi, o‘z nuqtayi nazarini himoya qilishda va qaror qabul qilishda juz’iy xatoliklarga yo‘l qo‘yishi, o‘z ehtiroslarini jilovlay olishi, o‘z bilimi va kuchiga ishonch tuyg‘usining mavjudligi e’tiborga olinadi.

Axborotlar bilan ishlash kompetensiyasi. Mavjud axborot manbalarning (internet, televizor, radio (audio-video yozuv), telefon, kompyuter, elektron pochta va boshq.) ayrimlaridan foydalanishning boshlang‘ich darajasidagi bilimga ega bo‘lishi, media vositalardan zarur bo‘lgan axborotlarni ko‘mak yordamida izlab topishga intilishi, kundalik faoliyatda uchraydigan hujjatlar bilan qisman ishlay olishi (oddiy tabriknomalar yoza olishi, anketalarni to‘ldirishi va boshq.) e’tiborga olinadi.

O‘zini o‘zi rivojlantirish kompetensiyasi. Shaxs sifatida jismonan, ma’nan, ruhan o‘z-o‘zini rivojlantirishga intilishi, o‘z xatti-harakatlarini to‘g‘ri baholashda qiynalishi, o‘qib-o‘rganganlari asosida kundalik turmushda uchraydigan muammolarni hal etishda mustaqil yondashuvning shakllanishi, chin insoniy sifatlarning shakllanishida ijobiy jihatlarning uchrab turishi e’tiborga olinadi.

Ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasi. O‘zining fuqarolik burch va huquqlarini qisman bilishi, unga rioya qilishga intilishi. Jamiyatda bo‘layotgan voqea, hodisalar va jarayonlarga e’tibor berishi, munosabat bildirishda va ishtirok etishda ikkilanishi. Fuqarolik munosabatlarda muomala, iqtisodiy va huquqiy madaniyat bo‘yicha ilk tushun­chalarga egaligi. “Oila manfaati” tushunchasini idrok etishi, uning uchun ma’lum darajada daxldorlik hissining bo‘lishi, kasb-hunarga qiziqishining mavjudligi e’tiborga olinadi.

Milliy va umummadaniy kompetensiyalar. “Vatan” tushunchasini anglashi, sharhlay olishi, insonlarga mehr-oqibatli bo‘lishi, kiyinishi, yurish-turishida madaniy me’yorlarga va sog‘lom turmush tarziga rioya qilishi, badiiy va san’at asarlaridan ta’sirlana olishi va nisbatan tushunishi, milliy qadriyatlarni, o‘zgalarning diniy e’tiqodi, milliy va etnik xususiyatlari, an’ana va marosimlarini nisbatan bilishi hamda ularni asrab-avaylashga bo‘lgan tuyg‘usining shakllanib borishi, axloq-odob qoidalariga rioya qilishi e’tiborga olinadi.

Matematik savodxonlik, fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo‘lish hamda foydalanish kompetensiyasi. Kundalik ehtiyojlari bilan bog‘liq sodda hisob-kitoblarga asoslangan shaxsiy iqtisodiy rejalarini tuzishga intilishi, fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo‘lishga intilishi va kundalik hayotda tatbiq etishga intilishi e’tiborga olinadi.

Qayd etilgan kompetensiyalarga ega bo‘lsa, o‘quvchi berilgan imkoniyatning 3 tasidan foydalangan hisoblanadi va u “3” balga ega bo‘ladi.

“4” ball – 5 ta imkoniyatning 4 tasidan foydalanishi nazarda tutiladi.

O‘quvchida shakllantirilishi lozim bo‘lgan fanga oid kompetensiya bo‘yicha: o‘quv materiali bo‘yicha egallanadigan bilim, ko‘nikma va malakalarni o‘zlashtirishi hamda asosiy ma’lumotlarni ishonchli ravishda to‘g‘ri bayon etishi, tirishqoqligi, o‘quv fanini o‘zlashtirish uchun ishchi daftar yuritishi, uyga vazifalarni hamda qo‘shimcha topshiriqlarni bajarishi, biroq ayrim juz’iy xatoliklarga yo‘l qo‘yishi, mavzuga oid ma’lumotlarni tahlil etishi, mustaqil ish bajarib, javoblarida yoki harakatlarida qisman hayajonlanish (mavzuni bayon etishda to‘xtalish, takroriy eslash yoki yordamchi savollarga muhtojlik, amaliy ishlarni bajarish ketma-ketligida ikkilanish kabi) holatlarning uchrashi, mavzuga oid shakllangan malakaga nisbatan murakkab bo‘lmagan xulosalar chiqara olishi, dars va darsdan (maktab va maktabdan) tashqari tadbirlarda ishtirok etishi e’tiborga olinadi.

O‘quvchida shakllantirilishi lozim bo‘lgan tayanch kompetensiyalar bo‘yicha:

Kommunikativ kompetensiya. O‘z ona tili va boshqa xorijiy tillardan birida muloqotga kirishishi, o‘z fikrini savodli tarzda og‘zaki va yozma bayon qila olishda hamda savollarni mantiqan to‘g‘ri tuzishda ayrim uslubiy xatoliklarga yo‘l qo‘yishi, o‘zaro muloqotga hamda hamkorlikdagi faoliyatga kirishishi va muomala madaniyatiga amal qilishi, o‘z nuqtayi nazarini himoya qilishi va qaror qabul qilishga harakat qilishi, o‘z bilimi va kuchiga ishonch tuyg‘usining mavjudligi, ehtiroslarini jilovlay olishi e’tiborga olinadi.

Axborotlar bilan ishlash kompetensiyasi. Mavjud axborot manbalaridan (internet, televizor, radio (audio-video yozuv), telefon, kompyuter, elektron pochta va boshq.) foydalana olishi, media vositalardan zarur bo‘lgan axborotlarni izlab topishga intili­shi, saralashi va qayta ishlashi, kundalik faoliyatda uchraydigan hujjatlar bilan (oddiy tabriknomalar yoza olishi, anketalarni to‘ldirishi va boshq.) ishlay olish ko‘nikmasining shakllanganligi e’tiborga olinadi.

O‘zini o‘zi rivojlantirish kompetensiyasi. Shaxs sifatida jismonan, ma’nan, ruhan o‘z-o‘zini rivojlantirishga intilishi, o‘z xatti-harakatlarini to‘g‘ri baholashda ikkilanmasligi, o‘zini o‘zi nazorat qilishga intilishi, o‘qib-o‘rganganlari asosida kundalik turmushda uchraydigan muammolarni hal etishda mustaqil yondashuvning rivojlanganligi, fe’l-atvorida chin insoniy sifatlarning shakllantirilganligi e’tiborga olinadi.

Ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasi. O‘zining fuqarolik burch va huquqlarini bilishi, unga rioya qilishga harakat qilishi. Jamiyatda bo‘layotgan voqea, hodisalar va jarayonlarga e’tibor berishi, munosabat bildirishi va ishtirok etishi. Fuqarolik munosabatlarda muomala, iqtisodiy va huquqiy madaniyat bo‘yicha tushunchalarga egaligi. “Oila manfaati” tushunchasini idrok etishi, uning uchun daxldorlik hissining bo‘lishi, kasb-hunarga qiziqishining mavjudligi e’tiborga olinadi.

Milliy va umummadaniy kompetensiyalar. “Vatan” tushunchasini to‘liq anglashi, sharhlay olishi, insonlarga mehr-oqibatli bo‘lishi, umuminsoniy va milliy qadriyatlarga e’tiqodli bo‘lishi, orasta kiyinishi, yurish-turishida madaniy me’yorlarga va sog‘lom turmush tarziga rioya qilishi, badiiy va san’at asarlaridan ta’sirlana olishi va tushunishi, milliy qadriyatlarni, o‘zgalarning diniy e’tiqodi, milliy va etnik xususiyatlari, an’ana va marosimlarini bilishi hamda ularni asrab-avaylashga bo‘lgan tuyg‘usining shakllanib bori­shi, axloq-odob qoidalariga rioya qilishi e’tiborga olinadi.

Matematik savodxonlik, fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo‘lish hamda foydalanish kompetensiyasi. Kundalik ehtiyojlari bilan bog‘liq aniq hisob-kitoblarga asoslangan shaxsiy, oilaviy, iqtisodiy rejalarni tuzishga intilishi, fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo‘lishi hamda kundalik hayotda tatbiq etishga intilishi, kundalik faoliyatida turli formula, model, chizma, grafik va diagrammalarni o‘qiy olish ko‘nikmasiga ega bo‘lishi va foydalanishi e’tiborga olinadi.

Qayd etilgan kompetensiyalarga ega bo‘lsa, o‘quvchi berilgan imkoniyatning 4 ta­si­dan foydalangan hisoblanadi va u “4” balga ega bo‘ladi.

“5” ball – 5 ta imkoniyatning 5 tasidan foydalanishi nazarda tutiladi.

O‘quvchida shakllantirilishi lozim bo‘lgan fanga oid kompetensiya bo‘yicha: o‘quv materiali bo‘yicha egallanadigan bilim, ko‘nikma va malakalarni to‘liq o‘zlashtirishi hamda asosiy ma’lumotlarni asosli ravishda to‘g‘ri bayon etishi, tirishqoqligi, o‘quv fanini o‘zlashtirish uchun ishchi daftarlarning yuritilishi, uyga vazifalarni hamda qo‘shimcha ravishda mustaqil ishlarni bajarishi, mavzuning mohiyatini chuqur anglab, qoidalar, ta’riflar, teoremalar, qonunlar va g‘oyalar asosida topshiriqlar, masalalar hamda mustaqil ishlarni ijobiy bajarib, amaliy faoliyatlarida qo‘llay olishini tasavvur qilib, uni turmush tajribasidagi misollar bilan isbot qilib bera olishi, dars va darsdan (maktab va maktabdan) tashqari tadbirlarda ishtirok etishi e’tiborga olinadi.

O‘quvchida shakllantirilishi lozim bo‘lgan tayanch kompetensiyalar bo‘yicha:

Kommunikativ kompetensiya. O‘quvchining o‘z ona tilini va boshqa xorijiy tillardan birini mukammal o‘zlashtirishi va muloqotda samarali foydalana olishi, o‘z fikrini og‘zaki va yozma tarzda aniq va tushunarli bayon qilishi, savollarni mantiqan to‘g‘ri qo‘ya olishi va javob berishi, o‘zaro muloqotda muomala madaniyatiga amal qilishi, jamoaviy hamkorlikda ishlay olishi va o‘z nuqtayi nazarini himoya qila olishi, ijtimoiy moslashuvchanlik, muloqotda suhbatdosh fikrini hurmat qilgan holda o‘z pozitsiyasini himoya qila olishi, uni ishontira bilishi, turli ziddiyatli vaziyatlarda o‘z ehtiroslarini boshqarish, muammo va kelishmovchiliklarni hal etishda zarur (konstruktiv) bo‘lgan qarorlarni qabul qila olishi e’tiborga olinadi.

Axborotlar bilan ishlash kompetensiyasi. Mavjud axborot manbalaridan (internet, televizor, radio (audio-video yozuv), telefon, kompyuter, elektron pochta va boshq.) foydalana olishi, media vositalardan zarur bo‘lgan axborotlarni izlab topa olishi, saralashi, qayta ishlashi, uzatishi, saqlashi, xavfsizligini ta’minlash va foydalanishda media-madaniyatga rioya qilishi, ma’lumotlar bazasini yarata olishi, asosiylarini tanlay olishi va ularni tahlil qila bilishi, kundalik faoliyatda uchraydigan hujjatlar bilan ishlay olishi (oddiy tabriknomalar yoza olish, anketalarni to‘ldirish, o‘zi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qayd eta olishi va boshq.) e’tiborga olinadi.

O‘zini o‘zi rivojlantirish kompetensiyasi. Shaxs sifatida doimiy ravishda o‘z-o‘zini rivojlantirishi, jismoniy, ma’naviy, ruhiy va intellektual kamolotga intilishi, hayot davomida o‘qib-o‘rganishi, bilim, tajribasini mustaqil ravishda muntazam oshirib borishi, o‘z xatti-harakatini baholashi, o‘zini nazorat qila bilishi, halollik, to‘g‘rilik kabi sifatlarga ega bo‘lishi, o‘qib-o‘rganganlari va hayot tajribasidan foydalangan holda kundalik turmushda uchraydigan muammolarni hal eta olishi e’tiborga olinadi.

Ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasi. Jamiyatda bo‘layotgan voqea, hodisa va jarayonlarga daxldorlikni his etishi va faol ishtirok etishi, o‘zining fuqarolik burch va huquqlarini bilishi, unga rioya qilishi (ya’ni xaridor, saylovchi, mijoz, ishlab chiqaruvchi sifatida faoliyat yurita olishi), mehnat va fuqarolik munosabatlarida muomala, iqtisodiy, huquqiy madaniyatga ega bo‘lishi, kasbiy mavqeyining o‘sishiga intilishi bilan jamiyat va oilasi manfaatlari uchun xizmat qilishi, yordamga muhtojlarga saxovatli bo‘lishi e’tiborga olinadi.

Milliy va umummadaniy kompetensiyalar. Vatanga sadoqatli, insonlarga mehr-oqibatli hamda umuminsoniy va milliy qadriyatlarga e’tiqodli bo‘lishi, badiiy va san’at asarlarini tushunishi, ta’sirlana olishi, orasta kiyinishi, yurish-turishda madaniy me’yorlarga va sog‘lom turmush tarziga amal qilishi, umumbashariy ahamiyatga ega bo‘lgan qadriyatlarni (urf-odatlar, marosimlar, milliy-madaniy an’analar va h.k.) bilishi, unga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi, o‘zgalarga nisbatan mehr-muruvvatli, saxiy bo‘lishi, o‘zgalarning dunyoqarashi, diniy e’tiqodi, milliy va etnik xususiyatlari, an’ana va marosimlarini hurmat qilishi, xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini avaylab-asrashi, jamiyatda o‘rnatilgan odob-axloq qoidalariga rioya qilishi e’tiborga olinadi.

Matematik savodxonlik, fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo‘lish hamda foydalanish kompetensiyasi. O‘quvchi aniq hisob-kitoblarga asoslangan holda shaxsiy, oilaviy, kasbiy va iqtisodiy rejalarini tuza olishi, shaxsiy, ijtimoiy va iqtisodiy munosabatlarda hisob-kitob bilan ish yuritishi, kundalik faoliyatda turli formula, model, chizma, grafik va diagrammalarni o‘qiy olishi va foydalanishi, inson mehnatini yengillashtiradigan, mehnat unumdorligini oshiradigan va qulay shart-sharoitga olib keladigan fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo‘lishi hamda foydalana olishi e’tiborga olinadi.

Qayd etilgan kompetensiyalarga ega bo‘lsa, o‘quvchi berilgan imkoniyatning ­5 ta­­­­­­­­­­sidan foydalangan hisoblanadi va u “5” balga ega bo‘ladi. O‘qituvchi o‘quvchining o‘quv faniga nisbatan shakllangan ijodiy munosabati va alohida iqtidorini batafsil tahlil etib, muntazam “5” ball imkoniyatidan to‘liq foydalanadigan o‘quvchini rag‘batlantirish yuzasidan ta’lim muassasasi pedagogik kengashi kun tartibiga alohida masala sifatida tavsiya kiritishi mumkin.

O‘qituvchi darsni o‘quvchilar o‘rganayotgan matеrialni anglabgina qolmay, uni aniq, takrorlab bеra oladigan, bilimlarni kеlgusi o‘quv ishlarida va amalda qo‘llay oladigan yo‘sinda tashkil etishi kеrak.

Bilimlarni mustahkamlash va takomillashtirishda o‘quv­chilar ularni qanday o‘zlashtirishgan bo‘lsalar, xuddi shunday aytib bеrishlari, ularga aniqlik, mukammallik kiritishlari lozim. Ta’limiy ishning ana shu bosqichida yangi o‘quv matеriali bilan ilgari o‘zlashtirilgan matеriallarni o‘zaro chambarchas, o‘quvchilar yaqqol tushunadigan yo‘sinda bog‘lash ularning fandan olgan bilim, ko‘nikma va malakalarini boyitadi, kеngaytiradi va yanada shakllantiradi.

O‘qitish davrida o‘rganilayotgan matеrial mazmuniga qarab bilim, ko‘nikma va malakalarni mustahkamlash hamda takomillashtirish har xil didaktik maqsadlarga ega bo‘lish mumkin. O‘qitishning dastlabki bosqichlarida, shuningdеk, tasviriy matеrialni o‘rganishda bilimlarni mustahkamlash va takomillashtirish rеproduktiv xaraktеrga ega bo‘lib, bunda o‘quvchilar topshiriqni o‘qituvchi bеrgan namuna asosida bajaradilar, bilimlarni dastlab qanday idrok etgan bo‘lsalar, ana shunday tatbiq qiladilar. Shundan kеyin o‘quvchilar topshiriqlarga ijodiy yondashadilar va o‘ziga xos yo‘llar bilan bajaradilar, muammolarni hal qilishning yangi usullarini topadilar. Lеkin bunday bilish faoliyati ularda muayyan bilimlar va ularni qo‘llash tajribasi bo‘lishini, sabab-natija bog‘lanishlarini chuqur tushunishni talab qiladi. O‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini mustahkamlash hamda takomillashtirish, asosan, ularning mustaqil ishlari orqali amalga oshiriladi. O‘quvchilar maqsadga ongli va faol intiladilar, paydo bo‘ladigan qiyinchiliklarni biror kishining yordamisiz yechadilar. O‘qituvchi mustaqil ishlash uchun topshiriqlar tuzadi, ularni bajarish tartibini rеjalashtiradi, vaqt-vaqti bilan topshiriqlarni murakkablik va muammolik darajasini o‘zgartirib turadi, ish vaqtida o‘quvchilarni kuzatib, zarur hollarda ularga yordam bеradi.

Bilim, ko‘nikma va malakalarni mustahkamlash hamda takomillashtirishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish o‘quvchilarda mеhnat madaniyatini, darsga mas’uliyatli munosabatni tarkib toptiradi, fikrlashni, xususan, tеxnik fikrlashni rivojlantiradi.

Tеxnik fikrlashning xususiyatlari o‘quv ishining mеto­dik usullarini, xususan, bilim, ko‘nikma va malakalarni mustahkamlash hamda takomillashtirish tizimini bеlgilaydi. Bu tizim har xil mashqlarni bajarish, o‘rganilgan matеrialni o‘quv mashg‘ulotlarida takrorlash va uyga bеrilgan topshiriqlarni bajarishdan iboratdir.

Foydalanish tavsiya etiladigan o‘quv-uslubiy adabiyotlar ro‘yxati

I. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining asarlari:

Mirziyoyev Sh.M. “Erkin va farovon, demokratik O‘zbekiston davlatini mard va olijanob xalqimiz bilan birga quramiz” mavzusidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi nutqi. – T: O‘zbekiston, 2016. – 56 b.

Mirziyoyev Sh.M. “Qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash – yurt taraqqiyoti va xalq farovonligi garovi” mavzusidagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasi. – T: O‘zbekiston, 2017.– 48 b.

Mirziyoyev Sh.M. Tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik – har bir rahbar faoliyatining kundalik qoidasi bo‘lishi kerak. –T: O‘zbekiston. – 2017.– 102 b.

Mirziyoyev Sh.M. Buyuk kelajagimizni mard va olijanob halqimiz bilan birga quramiz. – T: O‘zbekiston, 2017. – 488 b.

Mirziyoyev Sh.M. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi. – T: O‘zbekiston, 2018.  – 80 b.

Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – T: Ma’naviyat, 2008.–176 b.

Karimov I.A. O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida. –T: O‘zbekiston, 2011. – 440 b.

Karimov I.A. Ona yurtimiz baxti iqboli va buyuk kelajagi yo‘lida xizmat qilish – eng oliy saodatdir. – T:. O‘zbekiston, 2015. – 302 b 

II. Normativ-huquqiy hujjatlar:

1. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. – T.: O‘zbekiston, 2014.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PF – 5712-conli farmoni.

3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF – 4947-sonli farmoni.

4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 4-oktabrda “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida” Qonun qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”dagi PQ – 4479-sonli qarori.

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-sentabrdagi “Xalq ta’limi tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ – 3931-sonli qarori.

6. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi “Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining davlat ta’lim standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 187-sonli qarori.

7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Pedagog kadrlarni tayyorlash, xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 26-sentabrdagi PQ – 3289-son qarori.

8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risida nizomni tasdiqlash to‘g‘risida” 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori.

9. Ўзбекистон Республикаси Вазирлар Маҳкамасининг 2018-йил

8-декабрдаги "Халқ таьлими тизимида таълим сифатини баҳолаш соҳасидаги халқаро тадқиқотларни ташкил этиш чора-тадбирлари тўғрисида" ги 997-сон : қарори (:Конун х.ужжатлари маълумотлар миллий базаси, 10.12.2018 й., 09/18/997/2289-сон); 

III. MAXSUS ADABIYOTLAR

1. Ishmuxamedov R.J., Yuldashev M. Ta’lim va tarbiyada innovatsion pedagogik texnologiyalar.– T.: Nihol, 2013, 2016.

2. Inoyatov U.I., Muslimov N.A., va boshq. Pedagogika: 1000 ta savolga 1000 ta javob. 2012 y. Toshkent, “Ilm-Ziyo” nashriyoti. 12 b.t.

3. Muslimov N., va boshqalar. Kasb ta’limi o‘qituvchilarining kasbiy kompetentligini shakllantirish texnologiyasi. 2013-y. Toshkent, «Fan va texnologiyalar».

4. Urazova M.B., Eshpulatov Sh.N. Bo‘lajak o‘qituvchining loyihalash faoliyati. // Metodik qo‘llanma. – T.: TDPU Rizografi, 2014-yil.

5. Қурбонниёзов.Р.География ўқитиш методикаси. Хоразм.2006.       

6. Рақибов Ж. Дарсларда ва амалий машғулотларда ЯПТларни қўллаш бўйича услубий кўрсатмалар.Фарғона, 2009.67 бет.

7. Коджаспирова Г.М. Педагогика в схемах, таблитцах и опорных      конспектах /М.:Айрис-пресс, 2006.

  8. Ата-Мирзаев О.Б. О современной системе географических наук. «Амалий география  фанининг долзарб назарий ва амалий масалалари » – Тошкент: 2008.

  9.Абдуллаев И.Х., Сейтджелилова Э.С. Амалий география фанини ўқитишда инновацион технологиялар. –Т.:2015

  10.Азизходжаева Н.Н. Педагогик технологиялар ва педагогик маҳорат. Т.: Молия, 2003. – 192 б.

11. Селевко Г.К. Современные образовательные      технологии.

Учебное пособие. М., Народные образование, 1998 год.

12. Бокарева Г. Педагогическая, подготовка преподавателей/ Г.Бокарева, Мойсеенко /Высшее образование в России- 2004. - №7. - 154-155.

13. Болотов В.А. Компетентностная модель: от идеи к образовательной программе/ В.А. Болотов, В.В. Сериков// Педагогика. - 2003. -№10. - 8-14.

14. Виленский В.Я. Технологии профессионально-ориентированного обучения в высшей школе: Учеб. пособие/ В.Я. Виленский, П.И. Образцов, А.И. Уман- М.: Педагогическое общество России, 2005. - 192с.

15. Ғуломов  Т.,  Қурбониёзов  Р.,  «География ва дидактика».    «Янгийўл Полиграфия  сервис» нашриёти 2015 йил 

16.  Соатов  А.,.ва  бошқалар.    «Материклар  ва  океанлар географиясини ўқитиш методикаси» «Ўқитувчи» нашриёти 2017 йил.

17.А.А.Исмаилов, Х.Ж.Даминов ва бошқалар."ўқувувчиларни халқаро

тадқиқотларга тайёрлашга мўлжалланган ахборотнома" 1-сон, Тошкент,

"ЎҚИТУВЧИ"нашриёти, 2020-йил, 128 бет.

    18. А.А.Исмаилов, Х.Ж.Даминов ва бошқалар."ўқувувчиларни халқаро

тадқиқотларга тайёрлашга мўлжалланган ахборотнома" 2-сон, Тошкент, "ЎҚИТУВЧИ"нашриёти, 2020-йил, 128 бет. 

IV.  ELEKTRON TA’LIM RESURSLARI

http://www.eduportal.uz, www.multimedia.uz – O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazi

http://www.bimm.uz – O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Bosh ilmiy-metodik markazi

http://www.giu.uz – Toshkent davlat pedagogika universiteti huzuridagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi

http://www. Ziyonet. uz. – Ijtimoiy axborot ta’lim portali:

http://www.school.edu.ru – Umumta’lim portali (rus tilida)

http://www.alledu.ru – “Internetdan ta’lim” portali (rus tilida)

http://www.rostest.runnet.ru – test markazi serveri (rus tilida)

http://www.allbest.ru– Internet resurslari elektron kutubxonasi (rus tilida)

http://www.mathtype.narod.ru/ – Onlayn darslari (rus tilida)

http:// www.mschool.kubsu.ru/ – Elektron qo‘llanmalar kutubxonasi

http://www.gov.uz – O‘zbekiston Respublikasi Hukumat portali

14. http://www.istedod.uz – “Iste’dod” jamg‘armasi sayti

15. http://www.geografiya.uz- O‘zbekiston geografiya jamiyati sayti

16. http://markaz.tdi.uz  - Таълим сифатини баҳолаш буйича халқаро

тадқиқотларни амалга ошириш миллий маркази веб сайти.

17. www.oecd.org.pisa - Ўқувчиларни баҳолаш халқаро дастури

(PISA) веб сайти.

18. www.timssandpirls.bc.edu- TIMSS ва PIRLS халқаро тадқиқотлар

маркази веб сайти.

 

 

 

 

 

 


Taqdimotni ko'rish
Mavzu bo'yicha onlayn test